Xususiy maktablarda xavfsizlik: inspektorlar lavozimi taklif qilindi
Xususiy maktab va universitetlarda ichki ishlar inspektorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Qaror loyihasi huquqbuzarliklarning oldini olish va xavfsiz muhitni ta’minlashga qaratilgan.
Hukumat qarori loyihasiga ko'ra, xususiy oliy ta’lim tashkilotlarida profilaktika katta inspektori va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori lavozimlari tashkil etiladi. Xususiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida esa voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha (katta) inspektor-psixolog lavozimi joriy qilinadi.
Inspektorlar qanday ishlaydi?
Inspektorlarni ajratish va tegishli shtat birliklarini joriy etish hududiy ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda, shartnoma asosida qilinishi ko‘zda tutilgan. Ta’lim tashkiloti tegishli lavozimni ochish va xodim ajratish uchun hududiy ichki ishlar organlariga murojaat qiladi. Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida shartnoma tuziladi, yangi shtat birliklari esa ichki ishlar vazirining buyrug‘i asosida boshlanadi.
Loyihada voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarning vazifalariga alohida e’tibor qaratilgan. Ular maktab ma’muriyati va psixologlari bilan hamkorlikda o‘quvchilar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, muammoli vaziyatlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bilan shug‘ullanishi yozilgan.
O'zbekistonda maktablarda ingliz tilida ta'lim rejalashtirilmoqda sahifasiga o'ting.