SAT'dan 1200 va undan yuqori ball: barcha talabgorlar grantga kiradimi?
SAT sertifikati bilan qo'shimcha davlat grantiga qabul qilish shartlari belgilandi. Bu haqda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
SAT sertifikati uchun qancha qo'shimcha grant ajratiladi?
SAT sertifikatiga (1200 va undan yuqori ball) ega abituriyentlarni qo'shimcha davlat granti asosida qabul qilish ko'rsatkichlari oliy ta'lim tashkilotining kunduzgi ta'lim shakli bo'yicha fanlar majmuasida "matematika" va "chet tili" fanlari bo'lgan bakalavriat yo'nalishlari qabul parametrining 50 foizi miqdorida belgilanadi.
Masalan, Jurnalistika universitetining marketing yo'nalishi uchun joriy yildagi kvota 20 ta bo'lsa, SAT sertifikati bor abituriyentlar uchun qo'shimcha 10 ta davlat granti o'rni ajratiladi. Agar umumiy kvotaning 50 foizi butun son chiqmasa (masalan, 0,5 qoldiq bo'lsa), butun o'rin ajratiladi: kvota 23 ta bo'lsa, 12 ta qo'shimcha grant beriladi.
SAT sertifikati bor barcha talabgorlar o'qishga kiradimi?
Yo'q. Abituriyentlarning SAT bali qo'shimcha davlat granti uchun asosiy mezon hisoblanadi va talabgorlar SAT ballari ketma-ketligiga qat'iy rioya qilingan holda o'qishga tavsiya etiladi.
Masalan, marketing yo'nalishiga 10 ta qo'shimcha grant ajratilgan va 20 nafar sertifikatli abituriyent hujjat topshirgan bo'lsa, SAT natijasi eng yuqori bo'lgan 10 nafari qabul qilinadi.
Agar oxirgi o'rin uchun raqobatlashayotgan bir nechta abituriyentning SAT bali teng bo'lib qolsa, ularning barchasi — belgilangan kvotadan oshgan taqdirda ham — o'qishga tavsiya etiladi.
Grantga kira olmaganlar uchun qanday imkoniyat bor?
SAT sertifikatiga ega, lekin ro'yxatdan o'tishda tanlagan beshtagacha yo'nalishga tavsiya etilmagan abituriyentlarga bo'sh (vakant) qolgan qo'shimcha grant o'rinlariga kirish imtihonlari natijalari e'lon qilingan sanadan bir hafta o'tib, bir hafta muddat davomida qayta ro'yxatdan o'tish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, SAT sertifikatli abituriyentlar ushbu imtiyozdan foydalanmasdan, oddiy tartibda test sinoviga kirib, natijasiga ko'ra umumiy kvota doirasida ham tanlovda ishtirok etishlari mumkin.
Muhim eslatma
SAT sertifikati 2026-yil 25-iyun kuniga qadar (shu kuni ham) DI kod orqali Bilim va malakalarni baholash agentligiga kelib tushgan abituriyentlarga ushbu imtiyoz tatbiq etiladi.
Manba: Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.